Yangiliklar tasmasi

Bugun16:30. Everton - Liverpul


Muharrir:

Bugun1630._Everton_-_Liverpul
EVERTON – LIVERPUL (17 oktyabr, 16:30) Anchadan buyon «Liverpul» derbisi Angliya miqyosida bu qadar ahamiyat kasb etmagandi. Anchelotti boshchiligidagi «Everton» mavsumni juda muvaffaqiyatli boshladi – 4 o‘yin, 100 foizlik ko‘rsatkich. Jamoa har o‘yinda o‘rtacha 3tadan gol urayotgandi, mag‘lub etilgan raqiblar ichida «Tottenhem» ham borligini inobatga olsak, «Everton»ning maqsadlari jiddiy. Tarkibda Din, Gomish, Allan, Xames kabi o‘z vaqtida turli ligalarda chempionlik uchun kurashgan tajribali futbolchilarning borligi jamoani yanada salobatli qiladi. Ammo baribir tan olish kerak, haqiqiy sinov endi boshlanyapti – yaralangan «Liverpul» «ko‘klar» uchun eng ashaddiy raqib. O‘zaro o‘yinlarda doimiy ravishda «Liverpul» ustun bo‘lgani, «Everton» derbidagi oxirgi g‘alabasini o‘n yil oldin qo‘lga kiritgani ham ko‘p narsani aytib turibdi. Shunday bo‘lsa-da, bu to‘qnashuvlar ancha keskin kechgan, oxirgi 22 o‘yinning yarmida durang qayd etilgan. Shu duranglardan biri ikki yil oldin «Liverpul»ni deyarli chempionlikdan mahrum qilgandi. Tarkiblar borasida mezbonlarda muammolar bor. G‘alabali o‘yinlarda asosiy figura bo‘lgan futbolchilar Din va Allan maydonga tushishi so‘roq ostida. Shuningdek, Yerri Mina va Sheymus Koulmenda ham kichik jarohatlar bor. Agar sanab o‘tilgan futbolchilar tiklanib ulgurishmasa, Anchelotti himoya chizig‘ini butunlay yangilashiga to‘g‘ri keladi. «Liverpul»da esa, darvoza chizig‘ida Alison yo‘qligi o‘yinga qay darajada ta’sir etishini o‘tgan o‘yinda ko‘rdik. Braziliyalik posbon seyvlari bilan bo‘lmasa-da, himoyachilar bilan yaxshi aloqa o‘rnatgani bilan muvaffaqiyat qozongandi. Adrian bilan himoyachilar ham ishonchsiz o‘yin namoyish qilishdi. Lekin virusdan davolangan Mane va Alkantara sog‘ayib, mashg‘ulotlarga qaytishgani «qizillar» uchun yaxshi xabar. Nabi Keyta esa, xuddi shu kasallik tufayli o‘yinni o‘tkazib yuboradi. Mavsumni xuddi o‘tgan ikki yilning davomidek boshlab, ishonchli g‘alabalarni qo‘lga kiritgan «Liverpul» o‘tgan turda juda og‘ir zarbani qabul qilib oldi. 2:7 hisobidagi mag‘lubiyat Kloppni uch ochkosiz qoldirish bilan birga, o‘yindagi asosiy kamchiliklarni ochib ham berdi. «Everton» «Aston Villa»ning «shpargalkasi»dan qanday foydalana oladi, ko‘ramiz.
Izoh qoldirish
Fikrlar

 Abdurahmon (113)
Farg'ona viloyati (17.10)

Bugun qiyin lekin ajoyib g‘alaba bo‘ladi Hudo Hohlasa Liverpul Yutadi

© 2020 Qizillar.uz - Muxlislar fan klubi!
Tashkil topgan sanasi: 03.09.2020